TOShKENT, 20 sen — Sputnik, Aleksey Stefanov. Demograflar Rossiyaga rasman keluvchi migrantlar oqimi 2017-yilning birinchi yarmida keyingi yetti yil ichida eng past ko‘rsatkichga tushganini aniqlashdi. Keluvchilar soni kamaygan, ketuvchilar soni esa o‘sgan. Biroq qisqa muddatli migratsiya, ayniqsa Markaziy Osiyo fuqarolari orasida deyarli o‘zgarmagan.
2017 yilning birinchi yarim yilligida Rossiyani tark etuvchi migrantlar keluvchilarga nisbatan ko‘proqni tashkil etdi. Bu Rossiya qishloq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) o‘tkazgan monitoringda ma’lum bo‘ldi. Ammo gap doimiy yashash uchun keluvchi migrantlar haqida bormoqda. Vaqtinchalik mehnat migrantlari borasida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lmadi.
Doimiy yashovchilar
Inqirozga qadar ancha sezilarli bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan keluvchi migratsiya oqimi keyingi vaqtda kamaygan. Masalan, O‘zbekistondan keluvchi anchagina katta migratsiya oqimi susaygan va tiklanmayapti, deydi monitoring mualliflaridan biri, RANXiGS ijtimoiy tahlil va taxmin instituti yetakchi ilmiy xodimi Nikita Mkrtchan.
Uning fikriga ko‘ra, migrantlar oqimining pasayishiga birinchi navbatda inqiroz, rubl devalvatsiyasi va oylik maoshlarning kamayishi sabab bo‘ldi. Biroq ekspert migrantlar soni kamayishini o‘ta zalvorli deb hisoblamaydi.
"Yilning birinchi yarmida migratsiya odatdagidan past ekanligini qayd etdik, biroq yil yakunlariga ko‘ra barchasi tiklanishi ham mumkin", — deydi u.
Ekspertning aytishicha, Ukraina fuqarolarining Rossiyaga ko‘plab ko‘chib kelishlari susayganidan so‘ng statistika yana o‘z joyiga tushdi. Ittifoqdan keyingi davrda Rossiyaga migrantlar kelishi bo‘yicha Ukraina asosiy o‘rinda bo‘lmagan.
"90-yillarda va 2000-yillar boshlariga qadar asosan Qozog‘iston yetakchi bo‘lgan, undan keyin yetakchilik Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonga o‘tdi", — tushuntiradi Mkrtchan.
…va qisqa muddatli migrantlar
To‘qqiz oy va undan ortiq muddatga keluvchi migrantlardan farqli ravishda qisqa muddatli migratsiyada vaziyat 2010-yildan buyon keskin o‘zgarmasdan kelmoqda, deb ta’kidlaydi RANXiGS ijtimoiy tahlil va taxmin instituti yetakchi ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya.
"Rossiyaga shu yilning 1-avgust holatiga turistlar, qarindoshinikiga, xizmat safari bilan, mehnat migrantlari, noqonuniy mehnat migrantlari va boshqa maqsadlarda 10,2 mln kishi kelgan. Bu o‘tgan yilgidan sal ozroq. 2013, 2015-yillardagiga nisbatan ham kam. Turistlar soni esa oshgan", — deydi u.
Yuliya Florinskaya sobiq SSSR mamlakatlaridan migratsiya oqimining pasayishini mehnat bozori imkoniyatlarining qisqarishi bilan bog‘liq deb biladi.
G‘arbliklar kelishining kamayishi esa sanksiyalar bilan bog‘liq, ko‘plab firmalar yopilib ketdi, ko‘p xodimlar o‘z yurtlariga qaytib ketdi, ishbilarmonlik aloqalari uzilib qoldi.
"Inqiroz boshida Markaziy Osiyodan — O‘zbekiston, Tojikistondan keluvchilar kamaydi. Hozir ilgarigi ko‘rsatkichga qaytilmoqda, lekin hali inqirozdan ilgarigi darajaga yetib kelgani yo‘q. Ukrainadan keluvchi mehnat migrantlari soni ham keskin kamaydi. Hozirda ukrainaliklar va moldovaliklar yevropaga intilishmoqda", — deydi demograf.
Florinskayaning aytishicha, oldin ham ukrainalik migrantlarning teng yarmi G‘arbga intilgan. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich faqat oshib bormoqda.
"Buni patentlar rasmiylashtirilishidan sezish mumkin. Rossiya hududida turli maqsadlar bilan jami bo‘lib 2 mlnga yaqin ukrainaliklar mavjud, ularning atigi 9 foizigina patent rasmiylashtirgan. Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarining esa uchdan ikki qismi patent rasmiylashtirgan", — deydi u.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat Qirg‘izistondan Rossiyaga keluvchilar oqimi kamaymayapti. Bunga esa imtiyozlar sababchi.
"Rossiyada qirg‘izlar soni o‘smoqda va o‘saveradi, chunki ular imtiyozlarga ega. 2015-yil avgustda Qirg‘iziston YeOIHga a’zo bo‘lgan va bu davlat fuqarolariga ishlashga ruxsatnoma olish shart emas. O‘shandan buyon Rossiyada Qirg‘iziston fuqarolari soni tinmasdan oshib bormoqda. Rossiya IIV rahbarlari bu oqimni to‘xtatishga urinishmoqda, lekin hozircha bu samara bermayapti. Mehnat shartnomasi yo‘qligi uchun jarima solish taklif qilinmoqda. O‘zbek yoki tojikda patent yo‘q bo‘lsa, ular qonuniy ishlash imkoniyatiga ega emas. Qirg‘izga esa hech narsa deyolmaysan — migratsiya ro‘yxatiga turdimi tamom. Aslida, Qirg‘iziston fuqarolari mehnat shartnomasi asosida ishlashlari va tegishli organlarga hujjatlarini taqdim etishlari kerak, bu esa ish beruvchilarning zimmasida, ular bunday qilishga shoshilishmayapti", — deydi Florinskaya.
Yana uchta davlat — Belarus, Qozog‘iston va Armaniston fuqarolari ham shunday imtiyozga ega, lekin monitoring natijalariga ko‘ra, ular Rossiyaga yoppasiga kelishmayapti.
Biri o‘rniga boshqasi
Rossiyaning Moskva va boshqa shaharlarida 2018-yilgi JCh uchun bir necha yildan beri stadionlar qurilishi davom etmoqda, lekin bu migratsiya bo‘yicha statistikaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Florinskayaning so‘zlariga qaraganda, bu qurilishlardagi ishchilar yoki qisqa muddatli migrantlar sirasiga kiradi yoki statistika ma’lumotlarida umuman qayd etilishmagan.
"Yirik miqyosdagi bu qurilishlarda o‘zlarini yuqori malakali deb hisoblab taklif qilingan pulga ishlashni istamagan migrantlar o‘rniga kelgan boshqa yollanma ishchilar ishlashgan. Uyiga qaytib ketgan migrantlar o‘rnini malakasi kamroq migrantlar egallagan. Shuning uchun migrantlarning umumiy soni bir-ikki yil ilgarigidek qolgan", — tushuntiradi Yuliya Florinskaya.
Uning aytishicha, bu ishchilar mutlaqo boshqa toifaga kirishadi — ular aniq maqsad bilan qisqa muddatga kelishadi va Rossiyada yashash uchun qolishmaydi. Shu bois ular Rosstat ko‘rsatkichlarida qayd etilishmaydi, ularning Rossiyaga tashriflari esa faqatgina migratsion ma’lumotlarda aks etadi.