TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Hindiston o‘zining strategik zahiralarini to‘ldirish maqsadida O‘zbekistondan uran sotib olish haqida muzokaralar olib bormoqda, deb xabar qilmoqda PTI agentligi.
Hindistonga uran mamlakatdagi atom elektr stansiyalari to‘xtovsiz ishlashi uchun kerak. Bugungi kunda Hindiston Rossiya, Qozog‘iston, Kanada va Avstraliyadan uran sotib olmoqda.
Ayni damda O‘zbekiston bilan ham ushbu mavzuda muzokaralar boshlagan. Ushbu maqsadda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi o‘tgan oyda Hindistonga tashrif buyurgan edi. Hindiston TIV vakili xabariga ko‘ra, Hindiston va O‘zbekiston orasida uran mavzusidagi dastlabki muzokaralar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan Ostonadagi ShHT sammitidagi uchrashuvidan so‘ng boshlangan.
“Biz oldin O‘zbekistondan uran import qilmoqchi bo‘lganimizda, ular uranni Hindiston portiga yetkizib berishdan bosh tortgan edi, lekin hozir ular bunga rozi va ushbu mavzuda muzokaralar olib borilmoqda”, — dedi Hindiston TIV vakili.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Hindistonda umumiy quvvati 6780 megavatt bo‘lgan 22 ta AES ishlab turibdi va yana 21ta AES qurilmoqda. 2021-2022 yillarga kelib Hindiston atom energiyasi ishlab chiqarish ikki baravariga oshadi. 2030-yilga kelib esa AESlar umumiy quvvatini 22 ming megavatga yetkizmoqchi.