TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Bugun Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov Samarqand shahriga keldi, deb xabar qilinmoqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida.
Samarqand xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev kutib oldi.
Rustam Minnixonov ertaga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qiladi. Samarqandning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida mehmon Toshkentga keladi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida respublikada istiqomat qilayotgan tatar millatiga mansub yurtdoshlar bilan uchrashadi, Tatariston san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qiladi.
Tashrifning asosiy voqealari 25-sentabrga mo‘ljallangan. R.Minnixonov buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqil O‘zbekiston asoschisi Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yadi.
Shu kuni R.Minnixonov Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida tashkil etiladigan O‘zbekiston — Tatariston ishbilarmon doiralari vakillari qo‘shma biznes-forumida qatnashadi.
Tatariston grezidenti mamlakatning turli vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazadi, poytaxtning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qiladi.