TOSHKENT, 23 sen — Sputnik. Oʻzbekiston Davlat soliq qoʻmitasi 2017 yil 1 iyul holatiga koʻra davlat organlari ochiqligi reytingida 96 ball bilan birinchi oʻrinda joylashdi. Bunga Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish boʻyicha jamoatchilik kengashi eʼlon qilgan reytingda guvoh boʻlish mumkin.
Reytingni tuzishda uchta koʻrsatkich: davlat organi faoliyatining ochiqligini taʼminlashga masʼul boʻlgan subʼyektlar faoliyati, ochiqlikni taʼminlashning aniq usullari samaradorligi va axborotdan foydalanuvchilarning qanoatlanganlik holati hisobga olinadi.
Har biri 95 ball bilan baholangan Markaziy bank va Adliya vazirligi roʻyxatda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egalladi.
Roʻyxatning oxirgi uchligiga Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (32 ball, 50-oʻrin), Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (31,6 ball, 51-oʻrin) va Fan va texnologiyalar Agentligi (22 ball, 52-oʻrin) joylashgan.
Ochiqlik monitoringi talablariga koʻra, eng kam mumkin boʻlgan qanoatlantiradigan koʻrsatkich 75 ballni tashkil qiladi.
Jamoatchilik kengashi tomonidan ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash ishlari — "Ochiqlik indeksi" reytingi har yili ikki marotaba — 1 yanvar va 1 iyul holatiga koʻra eʼlon qilib boriladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda ilk bor 2017 yil 1 yanvarga boʻlgan holatiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati "ochiqligi indeksi"ning reytingi eʼlon qilingandi. Oʻshanda ham reytingning 1-pogʻonasida 97,5 ball bilan Davlat soliq qoʻmitasi qayd etilgan, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni 96,33 ball bilan Toshkent shahar hokimligi va Markaziy bank band etgandi.