TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Nobel laureatlari yig‘ilishiga yuborish uchun o‘zbekistonlik yosh olimlar saralanmoqda.
Bu haqda F acebookdagi sahifasida Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev ma’lum qilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi Fan va Texnologiyalar Agentligi 2018-yil 24-29 iyun kunlari Germaniyaning Lindau shahrida Tibbiyot fanlari bo‘yicha Nobel laureatlarining 68-yig‘ilishida ishtirok etish uchun iqtidorli, intiluvchan va faol, tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar va talabalar orasida tanlovni e’lon qiladi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar shu yilning 1-oktabriga qadar o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan holda kerakli hujjatlar bilan fan@uzscience.uz elektron manziliga jo‘natishlari mumkin. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha barcha xarajatlar qoplanadi", — deyiladi xabarda.