TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekiston delegatsiya tarkibida bo‘lgan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi birinchi o‘rinbosari R.Usmonov Skal International kompaniya prezidenti — AQSh senatori M.Begich va Primapact kompaniya direktori A.Xeys bilan uchrashuv o‘tkazdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga asosan.
Skal International va Primapact turizm sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi xalqaro kompaniyalardir.
Ular turizm sohasida tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish va mamlakat miqyosida turizmni rivojlantirish strategiyasini shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda Skal International dunyoning 89 ta mamlakatida 17 mingdan ortiq kompaniya a’zolariga ega.
Uchrashuv chog‘ida kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘nalishida marketing tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Primapact kompaniyasi AQShdan O‘zbekistonga sayyohlarning kelishini yanada ko‘paytirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalarini ishlab chiqadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari tomonidan shu yil Toshkentda o‘tkaziladigan "Buyuk ipak yo‘lidagi turizm" mavzusidagi xalqaro turizm yarmarkasi (3-5 oktabr) va "Istirohat olami" xalqaro (2018 yil aprel) ko‘rgazmasiga taklifnoma taqdim etildi. Amerikalik sheriklar ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, tez fursatlarda respublikaga tashrif buyurishlarini ma’lum qilishdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.