TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Kecha kechqurun Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi pivo ishlab chiqarish va quyish zavodida ammiak zaharli gazidan zaharlanish holati sodir bo‘lgan. Bu holat haqida batafsil ma’lumot olish uchun Sputnik muxbiri O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Matbuot xizmatining bildirishicha, Olmaliq shahridagi pivo ishlab chiqarish va quyish zavodidagi mas’ul xodimlarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi oqibatida ammiak gazi sizib chiqishi sodir bo‘lgan.
Voqea joyida tegishli organ, FVV va tez tibbiy yordam xodimlari zudlik bilan ish olib borishlari natijasida jiddiy oqibatlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘yilmagan. Zavodga yaqin joylashgan uylardan 300 nafardan ortiq kishi bir necha soatga evakuatsiya qilingan va voqea asoratlari bartaraf qilinganidan so‘ng uylariga qaytishgan.
Matbuot xizmati vakilining aytishicha, 24 nafar kishi sog‘ligi yuzasidan shifoxonaga murojaat qilgan. Ulardan 10 nafari shifoxonaga yotqizilgan va ertaga ularga javob beriladi.