TOShKENT, 22 sen — Sputnik. 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida o‘tkazilgan o‘zbek-amerika biznes-forumida O‘zbekiston Adliya vazirligi AQShning 5 ta eng kuchli yuridik kompaniyasi hisoblangan "White & Case", "Sidley Austin", "Hogan Lovells", "Holwell, Shuster and Goldberg" va "Foley Hoag" hamkorlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur yuridik kompaniyalar va Adliya vazirligi o‘rtasida O‘zbekistonda yuristlar malakasini oshirish bo‘yicha Memorandumlar imzolandi. Unga ko‘ra, yuristlar malakasini oshirish bo‘yicha maxsus markaz ochiladi va uning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qo‘llab quvvatlanadi.
Imzolangan hujjatlar doirasida xalqaro investitsiyalar va tijorat nizolari, advokatlik texnikasi masalalari bo‘yicha tajriba almashish treninglarini o‘tkazish va yuridik kompaniyalarda vazirlik va idoralar xodimlari uchun amaliyotlarni tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar vazirlik va idoralar xodimlarining xalqaro huquq va xalqaro arbitraj masalalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.