TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Joriy yilning 15-oktabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani boshchiligidagi delagatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda telegraf.uz xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, tashrif mobaynida ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy shartnoma va kelishuvlar, shuningdek, boshqa masalalar haqidagi hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilinishi ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Afg‘oniston borasida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
"Aminmizki, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir. Muzokaralar afg‘onistonliklarning o‘zlari hal qiluvchi o‘rin tutadigan holda, Afg‘oniston hududida va BMT shafeligida o‘tishi lozim. Donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir", dedi O‘zbekiston rahbari.