TOShKENT, 22 sen — Sputnik. BMT Bosh assambleyasi sessiyasida qatnashish uchun Nyu-Yorkda bo‘lib turgan KXDR Tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo jurnalistlarga AQSh prezidenti Donald Trampning nutqiga javoban qaytariladigan javob choralari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot berib o‘tgan.
"Men choralar qanday bo‘lishi mumkinligini bilmayman, bu davlat kengashimiz raisi (Kim Chen In demoqchi, tahr.) ning ishi, shu bois aniq bir narsa deyolmayman. Balki bu Tinch okeanida misli ko‘rilmagan vodorod bombasi sinovi bo‘lar", — deb aytgan Li Yon Xo.
KXDR yetakchisining o‘zi esa Tramp nutqini "telbanamo", uning o‘zini esa "olov bilan o‘ynashayotgan xuligan va gangster", deb atagan.
Hamda Amerika prezidentining chiqishiga javoban o‘ta keskin choralar ko‘rishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp BMTda so‘zlagan nutqi davomida agar KXDR AQShga tahdid solgudek bo‘lsa, uni yo‘q qilishga va’da bergandi.