TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev va AQShda yashab kelayotgan o‘zbekistonliklar o‘rtasidagi uchrashuv qanday kechgani, O‘zbekiston rahbari yig‘ilganlarga nimalar degani va qanday takliflar kiritgani haqida Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qilib kelayotgan Nodir Zokirov o‘zining Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali so‘zlab berdi.
Zokirovning video orqali aytgan so‘zlariga qaraganda, Mirziyoyev Amerikadagi vatandoshlar bilan uchrashuvda ularga "Kelinglar, ochiqchasiga gaplashamiz, kim qanday menga yelkadosh bo‘lib, islohotlarga yordam berishga, O‘zbekistonga qaytib (shu jarayonda) qatnashishga tayyor?", — deb ularga murojaat qilgan.
O‘zbekiston prezidenti Amerikadagi vatandoshlarga ularni olib ketmoqchi ekanini aytgan. "Kimdan kim keladigan bo‘lsa men hamma biletlarini oli beraman, O‘zbekistondan uy-joy qilib beraman va hattoki o‘sha Amerikadagi oyliklarni to‘lab beraman", — deb qo‘shimcha qilgan Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin O‘zbekiston prezidenti AQShdagi vatandoshlar bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.