TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Hukumat portali xabar qildi.
O‘zbekiston prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlarida yurtdoshlar bilan uchrashib turganidan g‘oyat xursandligini izohor qilgan.
"Men ushbu tashrif chog‘ida sizlar bilan chin dildan, samimiy suhbatlashishni avvaldan rejalashtirib qo‘ygan edim. Vatandan yiroqda, musofirchilikda o‘z o‘rnini topish va haqli e’tirof qozonish naqadar mashaqqatli ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bunday katta yutuqlarga erishish har kimga ham nasib etavermaydi. Bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilib, sizlar bilan yaqindan tanishish, mamlakatimiz oldida turgan katta-katta vazifalarni amalga oshirish borasidagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz bilan o‘rtoqlashish g‘oyat muhim, deb hisoblayman", — deb qo‘shimcha qilgan Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining ahamiyati haqida so‘zlagan. Sud-huquq, moliya, kichik biznes, turizm, tibbiyot sohalaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lum qilgan.
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlash, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan ishlar boshlangani ta’kidlandi. O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi faoliyati haqida so‘z borgan.
Mirziyoyev uchrashuvga kelgan har bir o‘zbekistonlik hayoti va faoliyati bilan qiziqqan.
Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo‘naltirishga da’vat etgan.
So‘ngra, barchangizning mamlakatimizni rivojlantirishga sidqidildan hissa qo‘shishga tayyor ekaningizni ko‘rib, chin dildan mamnun bo‘lib turibman. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman, deb qo‘shimcha qilgan.
Uchrashuvga yig‘ilganlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etgan. Xorijda yashayotgan yurtdoshlarga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirishgan. O‘zbekistonning har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashgan.