TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari qoshida O‘zbekiston Ixtirochi ayollari uyushmasi tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston Ixtirochi ayollari uyushmasi iqtidorli xotin-qizlarni respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy mamlakatlar elchixonalarining fan va ta’lim bo‘limlari hamda chet ellardagi ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlovchi fondlar bilan aloqalar o‘rnatishlariga yordamlashadi.
Xotin-qizlarga o‘z iste’dodlarini namoyon qilishlariga imkoniyat yaratish maqsadida malaka oshirish kurslari, kasb-hunarga yo‘naltirilgan kurslar va mahorat darslari tashkil qilinadi.
Xotin-qizlar tomonidan yaratilgan ixtirolar, yangi mahsulotlar, texnika, texnologiyalar asosida ishlab chiqarish korxonalari ochish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, "O‘zbekiston ayollarining 100 ta innovatsion loyihasi" I respublika tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan iqtidorli xotin-qizlarni izlab topish, olima ayollar, doktorant, mustaqil izlanuvchi, iqtidorli talaba, ixtirochi, injener, konstruktor, ratsionalizator va mutaxassis xotin-qizlarni ilmiy texnik ijodkorlikka keng jalb qilish hamda ixtirochilik va ilmiy-ijodiy faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlashdir.