TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov va O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi Bobur Shodiyev bugun Shveysariyaning Surix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Umid Ahmadjonovning tashrifdan ko‘zlagan asosiy maqsadi FIFA tasnifidagi xalqaro tadbir va musobaqalarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘lib, O‘FF Prezidenti Janni Infantino bilan o‘zaro suhbat chog‘ida o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, 17 va 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasini qizg‘in muhokama qildi.
O‘FF Prezidenti FIFA prezidenti bilan suhbat asnosida O‘zbekiston bugungi kunga kelib, FIFA Kongressi, shuningdek, FIFAning ixtisoslashgan forumlaridan biriga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi futbol targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida FIFAdan dunyo futbolining yorqin afsonalari va bugungi kun yulduzlarini O‘zbekistondagi yosh futbolchilarga master-klass o‘tab berishi, shuningdek, jahon futbolida top-murabbiylarni O‘zbekistonda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib berishi uchun taklif qilishda FIFAning amaliy yordam berishini so‘radi.
Bundan tashqari, Yevropaning ko‘zga ko‘ringan futbol klublari va O‘zbekiston klublari o‘rtasida hamkorlikdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvga erishildi.