TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shveysariyalik hamkasbi Didye Burkxalter bilan uchrashuvi oldidan shveysariyalik jurnalist savollariga "haqiqiy ruscha" javoblar qaytardi, deb xabar bermoqda RIA Novosti RTga tayanib.
Muxbir Lavrovdan janob Burkxalterning BMT Bosh assambleyasidagi so‘nggi ishtirokida unga qanday tilaklari borligini so‘radi.
"Hozir matbuot anjumani bo‘lyaptimi?" — dedi Lavrov ayni paytda savol berishning mavridi emasligiga sha’ma qilib. So‘ngra u jurnalistga hech qachon "so‘nggi" degan so‘zni aytmaslikni tavsiya qildi.
"Nima ham derdim, janob Burkxalter o‘ziga nimani tilasa unga shuni tilayman", — dedi vazir. So‘ng esa "biz insonlarga nima tilashimiz emas, har bir inson o‘ziga nima tilashi muhimroq" deya qo‘shib qo‘ydi.
"Ajoyib tilak bo‘ldi, juda ruscha", — dedi Shveysariya tashqi ishlar vaziri va Lavrovga minnatdorlik bildirdi.
"Endi esa daf bo‘ling", — dedi Rossiya vaziri jurnalistga va kulgi ko‘tarildi.
"Yana bir haqiqiy ruscha javob", — qayd etdi Burkxalter.