TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Toshkentda 5-6 oktabr kunlari "O‘zbekiston — Qirg‘iziston-2017" ko‘rgazmasi va biznes forum bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirlar Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida o‘tkaziladi, deb xabar berdi Qirg‘iziston investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha davlat agentligi.
Tashkilotchilar mazkur tadbirlarda ko‘plab ishtirokchilar qatnashishlarini kutishmoqda. Biznes forum va ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘z mahsulotlarini namoyish etish, hamkorlar topish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.
Ko‘rgazmada turizm, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, tog‘-kon sanoati va boshqa sohalar bo‘yicha mahsulotlar namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 5-sentabr kuni Bishkekda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida qirg‘iz-o‘zbek biznes forumi bo‘lib o‘tgandi.