TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘FF strukturasida futboldagi korrupsiyaning oldini olish uchun ma’sul bo‘lgan maxsus bo‘linma, shuningdek, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha bo‘lim va yangi qo‘mita ish boshlaydi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmatiga tayanib championat.asia xabar berdi.
Xabarda bildirilishicha, bu bo‘linma va qo‘mita faoliyatini O‘FF prezidenti shaxsan nazorat ostiga oladi.
Bundan tashqari, O‘FF bolalar va o‘smirlar futbolini qing‘irliklardan tozalashni maqsad qilgan bo‘lib, yoshlarning futbol maktablari va klublariga joylashishida, shuningdek, mashg‘ulotlar jarayonida mahalliychilik va urug‘-aymoqchilikka yo‘l qo‘yilmasligi va sport prinsiplarining birlamchi bo‘lishini ta’minlashga qaratiladi.
Shuningdek, futbolchilarning yoshlarini soxtalashtirish kabi illatga qarshi kurashish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar belgilab olinadi. Federatsiyaning "Har bir bolaga bittadan to‘p" nomli yangi rivojlantirish dasturi ishga tushiriladi.