TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘risida qaror chiqardi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish va ruda, rangli, qimmatbaho va nodir metallar qazib olish hamda ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida choralar qabul qilinadi.
Prezident veb saytida e’lon qilingan qarorga ko‘ra, kombinatda ishlab chiqarishni tashkil etishning zamonaviy usullari joriy etiladi, xorijdan sarmoya jalb etish maqsadida faol investitsion siyosat olib boriladi.
Shuningdek, "Olmaliq KMK" AJda rangli, qimmatbaho, nodir metallar va qattiq qotishmalar sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etiladi. Mutaxassislar yangi texnologiyalar va innovatsion ishlanmalar ishlab chiqish va ishlab chiqarishga joriy etish bilan shug‘ullanadilar.
Bundan tashqari, muhandis-texnik va boshqaruv kadrlari qayta tayyolovga yuboriladi.