TOShKENT, 18 sen — Sputnik. 2016 yilda O‘zbekiston va Germaniya orasida o‘zaro savdo aylanmasi 520 million dollarni tashkil qildi. Uzbekistan 24 telekanali xabariga asosan.
Bir kun avval Toshkentda Germaniya elchixonasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Germaniya elchisi Naytxart Xofer-Vissing so‘zga chiqib, mamlakatlar o‘zlarining barcha iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichlar O‘zbekistondagi konvertatsiya, burokratik to‘siqlar va huquqiy xavfsizlik tufayli uncha yuqori emas.
Oxirgi vaqtlarda Mirziyoyevning islohotlari tufayli, xususan O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasi muammosi hal bo‘layotganligiga qaramasdan "davlat mamlakat iqtisodiy hayotida hamon juda katta rol o‘ynamoqda", — deb ta’kidladi elchi.
Xofer-Vissing so‘zlariga qaraganda, o‘zaro tovar aylanmasining 90 foizi Germaniyaning eksporti hisobiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Germaniya sarmoyasi ishtirokida 123 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Germaniya va O‘zbekiston korxonalari tomonidan qiymati bir milliard yevrolik qo‘shma investitsion loyihalar amalga oshirilgan.