Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Toshkentga davlat tashrifini uyushtirdi. Nazarboyev safari davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib bordi.
Ikki davlat yetakchilari iqtisodiy, madaniy va hatto harbiy sohalarda hamkorlik to‘g‘risida muhim masalalarni muhokama qildilar.
Bundan tashqari, Ostona va Toshkent mintaqadagi suv masalalari borasida aniq bir to‘xtamga keldilar.
O‘z navbatida Nursulton Nazarboyev mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikning yanada mustahkamlanishida o‘rtadagi to‘siqlarning olib tashlanishi, chegaralarning ochilishi va valyutaning tartibga solinishi ham muhim rol o‘ynashini ta’kidlab o‘tgan.
"Shaxsan o‘z nomimdan va qozoq xalqi nomidan o‘zbek xalqiga chin yurakdan farovonlik tilashimizni aytmoqchiman. Biz sizni nafaqat ikkiyoqlama munosabatlar doirasida, balki xalqaro siyosatda ham qo‘llab-quvvatlaymiz", — deb aytgan o‘zining javob so‘zida Nursulton Nazarboyev.
O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev qozog‘istonlik hamkasbini mamlakatlar o‘rtasidagi ikkiyoqlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun "El-yurt Hurmati" ordeni bilan taqdirladi.