TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Oliy martabali mehmon Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Nursulton Nazarboyev Mustaqillik maydonining me’moriy yechimi, chuqur mazmun-mohiyatiga yuqori baho berdi.
Prezidentlar Toshkentdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ziyorat qildi. O‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.
Ziyorat yakunida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilib, ikki mamlakat hamkorligida yangi bosqich boshlanganini ta’kidladilar.
Nursulton Nazarboyev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ko‘p yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohiga tashrif buyurdi hamda buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.