TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Namangan viloyati MXX boshqarmasi xodimlari "Namangan shahar gaz" unitar korxonasi abonentlar bo‘limi boshlig‘i Baxrom To‘xtaboyevni bir nechta huquqbuzarliklar sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida qo‘lga olishdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
"Milliy xavfsizlik xizmatiga Baxrom To‘xtaboyev tomonidan ta’magirlik qilish holati to‘g‘risida mahalliy tadbirkordan ariza kelib tushdi. U mevalarni quritish sexiga gaz yetkazib berganligi uchun pul talab qilgan. "Namanganshahargaz" korxonasi xodimi 300 dollar va bir million so‘mni olayotgan paytda qo‘lga olindi", — deb ta’kidladi MXX xodimi.
Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan Baxrom To‘xtaboyevga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro burosi iyun-avgust oylari oralig‘ida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra Majburiy ijro burosi tomonidan energiya resurslarining talon-toroj qilinishi oqibatida 137,5 mlrd. so‘m noreal qarzdorlik kelib chiqish holatlari bo‘yicha 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.