TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Bugun kechasi taxminan soat birlarda navbatdagi fojiali YTH sodir bo‘ldi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
21 yoshli qiz boshqaruvida bo‘lgan "Lasetti" avtomobili yo‘l chetida ketayotgan piyodalar ustiga bostirib bordi. Ushbu baxtsiz hodisa Bunyodkor ko‘chasida "Oq tulpor" restorani oldida sodir bo‘ldi. Avtomashina piyodalarni urib yuborgach "Neksiya" mashinasiga borib urilgan.
"Ushbu mashinani boshqargan qizda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Avtomobilning old qismidagi yo‘lovchi o‘rindig‘ida avtomashina egasi o‘tirgan. Qiz mast holatda bo‘lmagan. Hozir huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazmoqda. Dastlabki tergov boshlangan", — deb ma’lum qildi Sputnik muxbiriga Toshkent IIBB YHXB matbuot xizmati.
YTH oqibatida uch kishi jarohatlangan. Ular Respublika shoshilinch yordam markaziga olib borildi. Yana bir kishi olgan jarohatlaridan voqea joyida halok bo‘ldi. Avtomashinaning haydovchi va yo‘lovchilari jarohat olmagan.