TOSHKENT, 13 sen — Sputnik. Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan sudlanganlik uchun ishga qabul qilishni rad etishni taqiqlash toʻgʻrisida qonun loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
"Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonun loyihasi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining tahlili asosida tayyorlandi. Shu bilan birga ushbu dolzarb muammoni Oʻzbekiston prezidenti ham shu yil iyul oyida Oliy Majlis qoʻshma palatalarining yigʻilishi davomida koʻtargan edi.
"Mamlakatda 20 yil ichida shunday tizim yaratildiki, yaxshi va qobiliyatli kadrlarni davlat boshqaruviga otasi, akasi sudlanganligi sababli jalb etilmagan edi. Har bir odam oʻziga javob bersin. Ota oʻziga, oʻgʻil oʻziga, aka oʻziga javob berishi kerak, endi fuqaro vatanparvar va tashabbuskor boʻlsa boshqaruvga jalb qilamiz", — degan Shavkat Mirziyoyev.
Yangi hujjatda Mehnat Kodeksining 78-moddasiga tegishli oʻzgartish kiritish nazarda tutilgan. Ushbu modda yangi band bilan toʻldiriladi. Yaʼni yaqin qarindoshlari sudlanganligi uchun talabgorni ishga qabul qilishni noqonuniy ravishda rad etish taqiqlanadi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, ushbu oʻzgartish vatanparvar, tashabbuskor, bilimli, davlat boshqaruviga intilgan kadrlarni jalb etishga xizmat qiladi. Bu bilan fuqarolarning erkin mehnat qilishni tanlash huquqi taʼminlanadi.
Bugungi kunda loyiha koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.