TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 12-sentabrida 5055-sonli farmoyishni imzoladi. Unga ko‘ra, chet elda yashayotgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun — Muassasalararo ishchi guruh (MIG) tashkil qilindi.
Muassasalararo ishchi guruhning asosiy maqsadi – chet elda yashayotgan fuqarolar uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining huquqiy-konsullik xizmatlariga kengroq yo‘l ochish va ular orasida norozilik holatlari yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik.
MIG chet elda yashayotgan fuqarolarning Tashqi ishlar vazirligi manziliga kelib tushayotgan murojaatlarini monitoring qilib boradi va ularga o‘z vaqtida javob berilishini nazorat ostiga oladi.
Shuningdek, prezident farmonida fuqarolar murojaatlarini qabul qilganda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan va davlat interaktiv xizmatlaridan imkon qadar kengroq foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, "Xalq bilan muloqot yili" tadbiri doirasida, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning 2017-yilning 5-iyulida bo‘lib o‘tgan muloqoti davomida chet elda yashayotgan fuqarolar duch kelayotgan ko‘plab muammolar ko‘tarilgan edi. Ularning aksariyati chet elga chiqish stikeri, vataniga qaytish sertifikati, fuqarolik masalalari va boshqalardan iborat edi.