TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. 2017-yilning 5-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 14.00 dan 16.00 ga qadar tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistondagi va xorijdagi hamurtlar bilan uchrashuv o‘tkazadi va ularning savollariga javob beradi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tadigan tadbirda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va bosh konsulxonalari rahbarlari ishtirok etadi.
Muloqot doirasida O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qarshisida vatandoshlarimizning TIV faoliyati bilan bog‘liq dolzarb muammolari ko‘rib chiqiladi.
Tashqi ishlar vazirligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari matn, audio va video ko‘rinishdagi o‘z savollarini Vazirning virtual qabulxonasiga, muloqot@tiv.uz rasmiy elektron manziliga, shuningdek, TIVning "Facebook"dagi rasmiy sahifasi va "Telegram"dagi kanalga oldindan jo‘natishlari mumkin.
"Shu o‘rinda ma’lum qilamizki, anonim xatlar, odobsizlik mazmunidagi murojaatlar (uyatsiz yoxud haqoratli iboralar, mantiq va ma’nosi bo‘lmagan takliflar va boshqalar), murojaat matnida tushunarsiz qisqartirishlar mavjud bo‘lgan, tarkibida aniq arizalar, shikoyatlar yoki takliflar bo‘lmagan murojatlar ko‘rib chiqilmaydi",.
Murojaatlar ushbu e’lon chop etilgan vaqtdan tadbir yakunlanganiga qadar — 2017-yilning 5-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16.00gacha qabul qilinadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.