TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Chorvoq suv ombori yaqinidagi noqonuniy chiqindixona tozalandi.
"Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan Chorvoq suv omborining uzoq qirg‘og‘ida joylashgan ikki tepalik orasidagi ruxsat etilmagan (noqonuniy) chiqindi obyekti to‘liq tozalandi", — deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda Chorvoq suv omborining uzoq qirg‘og‘ida joylashgan ikki tepalik orasidagi bo‘sh yerda paydo bo‘lgan noqonuniy axlatxona yoyilib yotgani, shamol har kuni ushbu chiqindilarni yanada kengroq masofaga yoyib yuborayotgani haqida xabar berilgan edi.
Qo‘mita fuqarolardan tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlari aniqlangan paytda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ishonch telefoniga murojaat qilishlarini so‘ragan.