TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Bugun Kreml davlat saroyida konsert dasturi orqali Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari ochiladi. Bu haqda Rossiya madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Tadbir ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.
Kreml saroyi sahnasida "O‘zbekiston" va "Navbahor" ashula va raqs ansambllari a’zolari, "Maqom" musiqiy xalq ansambli, "O‘zbegim" guruhi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi yoshlar simfonik orkestri, Farrux Zokirov boshchiligidagi "Yalla" vokal-cholg‘u ansambli chiqish qiladi.
O‘zbekistonning yetakchi opera solistlari Motsart, Verdi, Puchchini operalaridan ariyalar kuylashadi hamda baletchilar lyudvig Minkus musiqasi asosida "Don Kixot" asaridan parcha namoyish etishadi.
Bundan tashqari, Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida 13-sentabr kuni Butunrossiya amaliy bezak va xalq san’ati muzeyida "Rossiya to‘plamlarida O‘zbekistonning madaniy merosi" mavzuyida davra suhbati o‘tkaziladi. Muzeyda shu kuni o‘zbek san’at asarlari ko‘rgazmasi ham ochiladi.
Madaniyat kunlari 14-sentabr kuni "Kosmos" konsert zalida o‘zbek ijrochilarining konserti bilan nihoyasiga yetadi.
Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar tashkilotchilari Rossiya va O‘zbekiston madaniyat vazirliklari, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, "Roskonsert" va Butunrossiya amaliy bezak va xalq san’ati muzeyidir.