TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Juma kuni, o‘zbek madaniyati festivali doirasida rekord darajadagi palov tayyorlandi. Taomning umumiy og‘irligi 7,3 tonnadan ziyodni tashkil etdi. Ammo mana shunday chiroyli bayram palov tarqatilishida yuzaga kelgan tartibsizlik tufayli aksariyat mehmonlarga tatimadi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati o‘z vatandoshlarining bunday hatti-harakatlarini bir ovozdan "sharmandachilik" deya baholashdi.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda "osh uchun jang" tasvirlangan roliklar tarqatilib, video ostida qoldirilayotgan izohlar ham ortib bormoqda. Troll.uz tomonidan palov uchun navbatda turish aks etgan videorolikka 300dan ortiq o‘ta tanqidiy izohlar qoldirilgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu hatti-harakatlar o‘zbek xalqi uchun sharmandagarchilikning o‘zginasi.
"Hozir ko‘rib hayratdan qotdim! Sharmandalik! Kap-katta ayollarni qarang, eh uyatsizlar…! O‘zini qadrini ovqatga almashtirgan odamzod!", — deb izoh qoldirgan Sokin Qalb nikli foydalanuvchi.
Yana bir foydalanuvchi esa, bu hatti-harakat bilan tadbir mehmonlari "Afrikani ortda qoldirishdi" deya pisanda qilgan.
"Katta palov festivalida qorin dardida osh talashayotgan es-hushli insonlarni ko‘rib hayron qoldik. Sal qolsa, osh yo‘q degan militsionerlarni ham yeb qo‘yardilar. Hammasi ham mayli, skverdagi gazonlarga rahmim kelyapti", — deya izoh qoldirgan Don Vito nikli foydalanuvchi.
Tadbirda bo‘lgan aksariyat fuqarolar esa ur-surga qolishni istamay, ertaroq uyga qaytishgani haqida yozishgan.
"Avvaliga hammasi jilmayib yurishgandi, palov tayyor bo‘lishi bilan hammasining qo‘lida qayerdandir tog‘orachalar paydo bo‘ldi, qo‘yday bir-birini suza boshladilar", — deb g‘azabini yashirmagan ishtirokchi mehmonlardan yana biri.
Jurnalist, teleboshlovchi Dilshoda Matchanova oriyatsiz, g‘urursiz insonlar qayerdan paydo bo‘lyapti, deya savol bergan.
"Katta boshlamasa oshga qo‘l uzatishga uyalgan sabrli o‘zbegim. Eri ursa ko‘chaga chiqib uyidagini oshkor etishga or qiladigan, osh pishirsa qo‘shnisiga ilinadigan o‘zbegim. Uyiga mehmon kelsa, bolalariga emas, mehmonga eng yaxshisini tortadigan o‘zbegim! Uyimda nonim yo‘q, ochman, deyishga uyaladigan, g‘ururli,ORIYaTLI o‘zbegim! Uyida non qolmasa qo‘shnidan so‘rashga iymanadigan o‘zbegim! QANISAN????! YeR YuTDIMI U O‘ZBEKLARNI?! QAYeRDAN PAYDO BO‘LDI BUNDAY ORIYaTSIZ, G‘URURSIZ INSONLAR?!", — deb yozgan Matchanova.
Avvaliga palov Toshkent shahrining 14ta joyida tarqatilishi haqida xabar qilingan edi, ammo odam tiqilinch bo‘lib ketgani uchun tayyorlangan taomni bolalar uyiga topshirish haqida qaror qabul qilingan.
Tadbir davomida jarohatlanganlar yoki qo‘lga olinganlar haqida ma’lumot hech qayerda berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Toshkent shahrida tayyorlangan va Ginneslar kitobidan o‘rin olgan palovning umumiy og‘irligi 7360 kg tashkil qildi.