TOShKENT, 9 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini hamda uni amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni tasdiqladi. Hujjatlar prezidentning rasmiy veb saytida e’lon qilindi.
Mazkur hujjatlarning qabul qilinishidan maqsad ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi tizimli muammolarni bartaraf etish, innovatsion rivojlanishning zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarishdir.
Hujjatda bugungi kunda davlat hokimiyati boshqaruvida zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish sur’atlarini pasaytiruvchi, joylarda to‘planib qolgan muammolarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlamayapti. Ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xususiyatga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohasining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmlari mavjud emas. Shuningdek, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsiz mexanizmlari haddan tashqari burokratiya va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga olib kelmoqda, ayrim rahbarlarda lozim darajada mas’uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni va maqsadli ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy ta’sir qilmoqda.
Ma’muriy islohotlar olti yo‘nalishda olib boriladi.
Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtiriladi, jumladan, ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalari optimallashtiriladi, "elektron hukumat" tizimi yanada keng joriy etiladi.
Ijro etuvchi hokimiyat organlarining aniq vazifalari va javobgarlik sohalari belgilanadi, ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati subyektlariga o‘tkazish yo‘li bilan tartibga solish vositalari takomillashtiriladi.
Shuningdek, davlat boshqaruvi bosqichma-bosqich nomarkazlashtirib boriladi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli va faoliyat samaradorligi oshiriladi.
Konsepsiyada ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, xususan, davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining munosib sharoitlarini yaratish, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish belgilangan.