TOShKENT, 7 sen — Sputnik. 2017-yil 4-sentabr kuni uch yigit fuqaro Axror Qurbanjanovni urib, uning "Samsung Galaxy DUOS" rusumli uyali telefonini hamda 20 ming so‘m naqd pullarini egallab, jinoyat joyidan yashiringanlar, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB matbuot-xizmati.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov davrida Sh.Q.Miraliyev, jinoyat sodir etilishidan bir necha kun avval, tanishlari S.A.Abduraxmonov va B.B.Axrorov bilan bosqinchilik sodir etishni rejalashtirib olganliklari, so‘ng Sh.Q.Miraliyev internet orqali go‘yoki "Liliya" ismli qiz sifatida A.T.Kurbanjanov bilan tanishganligi va u bilan "Telegram" ijtimoiy tarmog‘i orqali suxbatlashib turganliklari, oradan biroz muddat o‘tib, u Kurbanjanovni uchrashuvga taklif qilganligi, o‘z navbatida Sh.Q.Miraliyev, mazkur jinoyatni sodir etishdagi sheriklari bilan avvaldan uchrashib olib, Amir Temur ko‘chasi, 115-uyning yoniga kelganliklari, Kurbanjanov ham shu yerga kelgan vaqtida uni urib, uyali telefoni va pullarini olib qo‘yib, hodisa joyidan yashiringanliklari aniqlangan.
Mazkur jinoyatni sodir etganlikda Sh.Q.Miraliyev, S.A.Abduraxmonov va B.B.Axrorovlarning aybi to‘liq isbotlanib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi "b" bandi (bosqinchilik, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilish) bilan ayblov e’lon qilindi.