TOShKENT, 10-avgust — Sputnik. Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil o‘tgan 7 oyi mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini yangilash, iqtisodiyotni erkinlashtirish va aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, joylarda xalq bilan muloqotlari chog‘ida belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda prezident rasmiy saytida xabar berilgan.
Majlisda jamiyat hayoti va mamlakatning barqaror rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan, joylardagi ma’naviy muhit sohasidagi ishlar muhokama qilindi.
"Barcha hududlarda, har mahalla va oilada ma’naviy muhitni yaxshilash maqsadida uyma-uy yurish va bunga keng jamoatchilik jalb etish yuzasidan yangi ish uslublari joriy etilgani qaramay, hali kutilgan natijalarga to‘liq erishilgani yo‘q. Masalan, Farg‘ona viloyatida voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik o‘sgan. Umuman, o‘tgan 7 oy mobaynida viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan 129 jinoyat sodir etilgan. Viloyatning 10 shahri va tumanida voyaga yetmagan bolalarni uyda yashirincha diniy o‘qitish holatlari aniqlangan. Buning uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Nuroniy jamg‘armasi va mahallalar rahbarlari bevosita javobgardir" — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan "Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risidagi" qaroriga muvofiq mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga qator yangi mexanizm va usullar joriy etilmoqda.
Xususan, bosh vazir va o‘rinbosarlari hududlarga qaytadan biriktirildi. Bu mutasaddilar tegishli hududlardagi muammolarni samarali hal qilish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtirishi, ularning joylardagi hokimliklar bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yishi kerak.
Ushbu sektorlar ishi "mahalla – tuman – viloyat – respublika" ketma-ketligi asosida tashkil etilib, ularning vazifa va majburiyatlari belgilab berildi.
Avvalo sektor rahbarlari mahalla darajasidagi o‘ziga biriktirilgan hududdagi har bir xonadonga har chorakda kamida bir marta borib, u yerdagi vaziyat, ijtimoiy muhit, bolalar tarbiyasiga munosabat, aniqlangan muammolarni hal etish choralari va bildirilgan takliflarni qayd etib borishi zarur.
Joyida yechilmagan muammolarni tuman, viloyat va respublikani rivojlantirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflar tayyorlashi kerak. Shu bilan birga mahallalarda aniqlangan muammolarni tahlil qilish asosida tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, ularning amalga oshirilishi ta’minlanishi lozim.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi darajasida hududlarning yo‘l xaritalari amalga oshirish samaradorligini tahlil qilib, davlat va hududiy dasturlar ishlab chiqish, har chorakda davlat rahbariga hisobot berish tizimini joriy etish lozimligi qayd etildi.