TOShKENT, 7 sen – Sputnik. Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida mustaqillikning 26-yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Elchixonaning milliy uslubda shinam bezatilgan anjumanlar zaliga Rossiya va xalqaro OAVlar jurnalistlari hamda Moskvadagi chet mamlakatlar elchixonalari vakillari jamlanishdi.
Anjumanda dastlab O‘zbekistonning 26-yil davomida mustaqil bosib o‘tgan yo‘li va erishgan yutuqlari haqidagi film namoyish etildi.
So‘ng O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahrom Ashrafxonov so‘zga chiqib, o‘tgan 26-yil davomida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari hamda mamlakatda bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi.
Mustaqillikka erishganidan keyin o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston iqtisodiy salohiyati salkam 5 baravar, aholining real daromadi 9 baravar o‘sgani, aholining o‘rtacha yoshi 67 yoshdan 73 yoshgacha, ayollar orasida esa 75 yoshgacha oshgani qayd etildi.
Bundan tashqari oxirgi bir necha yil davomida butun dunyoda kuzatilayotgan inqirozga qaramasdan O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanish susaymagani va YaIM miqdori o‘sishi yiliga 7-8% ni tashkil qilayotgani aytib o‘tildi.
“Jahon banki prognoziga ko‘ra, 2017-yilda O‘zbekiston YaIMining o‘sish sur’ati 7,6 %ni tashqil qiladi va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi”, — dedi Baxrom Ashrafxonov.
Shuningdek, O‘zbekiston O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yagona mamlakat ekanligi va bugungi kunda respublikada yengil avtomobillarning bir necha turi, yuk avtomobillari, zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasi, neft-gaz kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani va eksport qilinayotgani qayd etildi.
Undan tashqari, O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda bugungi kunda amalga oshirilayogan tashabbuslar va islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan, rivojlanishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi quyidagi besh asosiy yo‘nalishdan iborat: Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish; Qonun ustuvorligini ta’minlash; Iqtisodni yanada rivojlantirish va liberallashtirish; Ijtimoiy sohani rivojlantirish va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash.
Qabul qilingan kundan boshlab ushbu strategiya jadal sur’atlarda hayotga tatbiq etila boshladi. Shu kunga qadar unga taalluqli 15 ta qonun va 700 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilingan. Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston sud-huquq tizimi va ichki ishlar organlari faoliyati butunlay qayta ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiy islohotlar ham ildam qadamlar bilan amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda 10ta erkin iqtisodiy hudud, 5ta kichik sanoat zonalari tashkil qilingan, 83 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Ikki kun oldin esa, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan milliy valyutaning erkin ayrboshlash tizimi ishga tushirildi. Bu O‘zbekiston iqtisodini liberallashtirishga qaratilgan yana bir ulkan qadam bo‘ldi.
So‘zining oxirida Ashrafxonov Moskvada 11-15 sentabr kunlari O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tishini aytib jurnalist va diplomatlarni ushbu tadbirlarda ishtirok etishga taklif qildi.