TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Myanma hukumati roxind aholisi qochoqlari qaytib kelmasligi uchun Bangladesh bilan chegara hududini minalamoqda, deb xabar qildi RIA Novosti Reyter agentliga tayangan holda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, minalash ishlari uch kundan buyon davom etmoqda. "Ular chegara sim to‘siqlari bo‘ylab butun hudud atrofida minalar qo‘yishmoqda",- deb ta’kidladi agentlik vakili. Bangladesh hukumati vakillari bu haqda foto qayd etish tizimi va o‘z xabarchilaridan bilib olishdi.
"Bizning qo‘shinlarimiz sim to‘siq panjarasi oldida uch-to‘rt guruh odamlar ishlashayotganini ko‘rishgan. Ular yerga nimanidir ko‘mishsh bilan shug‘ullanganlar. Shundan so‘ng, xabarchilarimiz ular mina qo‘yishganini tasdiqlashdi",- deb ma’lum qildi agentlik vakili.
Bangladesh chegara qo‘shinlari xodimi Manzur Xassan Xonning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni Myanma hududida ikkita portlash ovozi eshitildi. Buning oqibatida ikki nafar bola jabrlangan. Jabrlangan bolakaylardan biri oyog‘idan ayrilgan. Bolakay shoshilinch yordam uchun Bangladesh kasalxonasiga yetkazildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni Bangladesh hukumati chegara minalashtirilishiga qarshi rasmiy bayonot bilan chiqmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Myanma qurolli kuchlari Rakxayn shtatini musulmon jangarlaridan tozalash bo‘yicha keng qamrovli operatsiya olib borishmoqda.
2016 yil oktabr oyida musulmon jangarlar Rakxayn shtatida politsiya va chegara maskanlariga hujum uyushtirishgan. Ikkinchi hujum esa shu yil 25-avgustda sodir bo‘lgan.
Myanma davlat axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 10 kun davomida Rakxayn shtatida 400 kishi halok bo‘lgan, ulardan 30 tasi harbiylar va politsiyachilar, 370 kishi esa — roxind jangarilaridir.