TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Aleksandr Geynrix terma jamoadagi faoliyatini yakunladi, deb xabar qildi O‘zbekiston 24 nashri championat.asiaga tayangan holda.
Xabarda aytilishicha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng hujumchi Aleksandr Geynrix terma jamoadagi faoliyatiga yakun yasashga qaror qilgan.
Hujumchi o‘yindan so‘ng avtobusga chiqayotganida "Men milliy terma jamoadagi faoliyatimni tugatdim. Bugungi o‘yin men uchun oxirgisi bo‘ldi. Barcha ishqibozlarga rahmat aytaman", degan.
Eslatib o‘tamiz, kecha o‘tkazilgan o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya bilan durrang natijaga o‘ynab jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qoldi.