TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Bugun O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi "Do‘stlik" chegara o‘tkazuv punktining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AKIpress xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, ochilish marosimida chegaraganing har ikki tomoniga bir necha ming kishi yig‘ilgan.
Chegara o‘tkazuv punktining ochilish marosimida ikki mamlakat hukumatlari vakillari, O‘sh va Andijon viloyatlari rahbarlari qatnashishgan. Rasmiy qismdan so‘ng Qirg‘iziston va O‘zbekiston delegatsiyalari chegaraning o‘zbek qismiga o‘tishgan. Ikki davlat oqsoqollari "do‘stligimiz abadiy bo‘lsin" deya duo qilganlaridan so‘ng qo‘y qurbonlik qilingan va o‘zbek-qirg‘iz ahli ishtirokida katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi davomida ikki mamlakat prezidentlari o‘tkazuv punktini ochishga kelishib olishgandi.
Eslatib o‘tamiz, "Do‘stlik" chegara o‘tkazuv punkti O‘zbekistonning Andijon va Qirg‘izistonning O‘sh viloyatlari o‘rtasida joylashgan bo‘lib, ilgari har ikki mamlakat fuqarolari to‘y, motam yoki boshqa marosimlarga kelishlari uchun ulardan taklif qiluvchining telegrammasi talab qilinardi. Rasmiylar endi bunday telegrammalarga hojat yo‘qligini bildirishgan.
Endilikda chegara o‘tkazuv punkti soddalashtirilgan rejimda ishlaydi — qarindoshini to‘yga chaqirish uchun telegramma jo‘natish shart bo‘lmaydi.