TOSHKENT, 5 sen — Sputnik. Oʻzbekiston militsiyasi qidiruvdagi shaxslar oʻz ixtiyorlari bilan qonun himoyachilariga taslim boʻlishsa ularni hibsga olmaslikka vaʼda bermoqda, deb xabar berdi nuz.uz.
Agar qidiruvdagi shaxs boʻlimga oʻz ixtiyori bilan kelsa, hibsga olinish oʻrniga undan yashash joyini tark etmaslik haqida tilxat olinadi.
"Agar qidiruvdagi shaxsning oʻzi bizning oldimizga keladigan boʻlsa, uni qamamaymiz, tergov izolyatorida bir soat ham ushlab turmaymiz", — dedi Mirzo-Ulugʻbek tumani IIB boshligʻi Bahrom Begaliyev.
Uning aytishicha, xorijda yurgan shaxslar Oʻzbekiston elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qilib oʻzlarining qidiruvda ekanliklarini maʼlum qilishlari lozim.
Diplomatik missiya xodimlari ularning vatanga qaytishlarida koʻmak koʻrsatishadi.
Ilgariroq Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev jinoyat sodir etgan koʻplab shaxslar respublika tashqarisida ekanligi bois huquqni muhofaza qilish vazirlik va idoralariga tegishli choralar koʻrishni buyurgandi.