TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Jismoniy shaxslar uchun chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibi soddalashtiriladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga keltirilgan sharhda aytib o‘tilgan.
Shuningdek, fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida bayram va dam olish kunlarida valyuta ayirboshlash shoxobchalarining uzaytirilgan ish tartibini joriy qilish belgilangan.
Hujjatda shuningdek, "Konversion bo‘limlar orqali chet el valyutasini sotishda olinadigan vositachilik haqi miqdorini imkon darajasida pasaytirish choralarini ko‘rish hamda xalqaro to‘lov kartalaridan xorijda foydalanishda mavjud barcha cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan"i haqida qo‘shimcha qilingan.
Shu bilan birga, mahsulot ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ularga chet el valyutasidagi daromadlarini o‘z xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish, bunda bank hisobvaraqlaridan naqd chet el valyutasini yechib olishgacha bo‘lgan huquq beriladi, deb qayd etilgan hujjatda.