2 sentabr — O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafot etganiga bir yil to‘ldi.
Kuni kecha, Mustaqillik bayrami arafasida, O‘zbekiston poytaxti — Toshkent shahrida, Islom Karimov uzoq yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohi oldida u kishining haykali ochilgan edi.
Bugun esa Birinchi Prezidentimiz tug‘ilib o‘sgan, kamolga yetgan va mangu orom topgan Samarqand shahrida Islom akaning siymosi aks etgan haykalni ochayotganimiz el-yurtimizning ushbu ulug‘ insonga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromining yana bir amaliy ifodasidir.
"O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti mustaqillik yillarida Samarqand shahrini tubdan obod qilish, uning tarixiy va zamonaviy qiyofasini uyg‘unlashtirishga qaratilgan ulkan ishlarga bevosita rahbarlik qildi.
Imom Buxoriy, Imom Moturidiy yodgorlik majmualarini barpo etish, Shohi Zinda ziyoratgohi, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidini ta’mirlash, obod qilish, yangi uy-joylar, maydon va xiyobonlar, ijtimoiy va madaniy obyektlar qurish ishlarida Islom akaning beqiyos hissasi borligini, ishonaman, Samarqand ahli hech qachon unutmaydi.
Islom Abdug‘aniyevichning tashabbuslari bilan 2007-yili Samarqand shahrining 2750-yillik qutlug‘ sanasi YuNESKO ishtirokida keng nishonlangani tariximizda yorqin sahifa bo‘lib qoladi", — degan o‘z nutqi davomida Mirziyoyev.