TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Bir yil muqaddam, 2-sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov insult oqibatida vafot etgani haqida xabar qilingan edi. O‘zbekistonni qariyb 25-yil boshqargan inson oramizda yo‘qligiga 1-yil to‘ldi.
Odamlar tong sahardan haykal ochilishi tadbirini tomosha qilish uchun Registon atrofiga to‘planishgan bo‘lsa-da, omad faqat chaqirilgan mehmonlarga kulib boqdi. Tadbirga yo‘l olgan fuqarolarning aksariyatini "grajdanskiy formasi"dagi qo‘riqchilar tadbir bo‘lib o‘tayotgan maydon ichiga kiritishmadi.
Islom Karimov haykali ochilishi marosimini tomosha qilish istagida Registon atrofida to‘planganlar orasida shahar aholisigina emas, sayyohlar ham bor edi. Ular "Maydon qachon ochiladi?", "Qaysi vaqtda hammayoqni bemalol tomosha qilish mumkin?", degan savollarni huquq-tartibot organlari xodimlariga tinmay berishar edi.
Aytish joizki, shu bugun Islom Karimov dafn etilgan Hazrati Xizr majmuasida ham ziyoratchilar mo‘l bo‘ldi. Odamlar kelib, majmua oldida to‘planishar, ular soni 30 nafarlarga yaqinlashishi bilan, majmua oldida xizmatda turgan militsiya xodimlari "Kiringizlar" deb ko‘rsatma berar va yig‘ilganlar tartib bilan ichkariga kirishar edi.
Ichkarida Islom Karimov maqbarasi oldida stullar qo‘yilgan bo‘lib, kirganlar ulardan joy olishgach, imom Qur’on tilovat qilar, tilovatdan so‘ng tashrif buyuruvchilar navbatdagi ziyoratchilarga o‘rin bo‘shatishar edi.
"Obod maskanga aylanibdi Shohi-zinda qabristoni. Ilohim, Islom Karimovning joylarini jannatdan ato etgan bo‘lsin", — dedi chiqib ketayotgan fuqarolardan biri.
Haykal o‘rnatilgan maydon ham ochiq deb e’lon qilingach, O‘zbekiston fuqarolari va shahar mehmonlari haykalni tomosha qilish uchun guruh-guruh bo‘lib kela boshladilar. O‘zbekistonning Birinchi prezidenti xotirasini yod etish uchun kelayotganlar orasida 7 yoshdan 70 yoshgacha fuqarolar borligini kuzatish mumkin edi.
O‘zbekiston xalqi istiqboli, uning kelajagi uchun kuyib-yonib yashagan prezident Islom Karimov o‘z chiqishlarining birida shunday degan edi: "Menga yuksak ishonch bildirgan ona xalqimga bosh egib, yana va yana bir bor ta’zim qilaman. Mana shunday olijanob, bag‘rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish - men uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir!".
Bugun O‘zbekiston xalqi o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilgan rahbar xotirasini yod aylab, va o‘z navbatida Birinchi prezidentga ta’zim ayladi va bu bilan qalbidagi Islom Karimovga bo‘lgan mehr-muhabbatini yana bir karra namoyish qildi.