TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1962-yilda tug‘ilgan D.Nurxo‘jayev G‘azalkent shahri hududidan oqib o‘tuvchi Parkent darosida cho‘milayotib, ehtiyotsizligi oqibatida suvda cho‘kib ketishi natijasida vafot etdi.
Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmatining bildirishicha, mazkur baxtsiz hodisa viloyat hududida qayd etilgan yagona holat emas.
Joriy yilning yozgi dam olish mavsumida viloyat hududidagi suv havzalari va darolarda extiyotsizlik oqibatida jami 40 dan ziyod kishi, shu jumladan 5 nafar voyaga yetmaganlar suvda cho‘kishi natijasida vafot etishgan.
"Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning aksariyati fuqarolar tomonidan suv havzalari va darolarda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, shu jumladan taqiqlangan joylarda cho‘milish, mast holatda suvga tushish, ota-onalar tomonidan farzandlarini qarovsiz qoldirish kabi holatlar natijasida yuzaga kelgan", — deyilada xabarda.
Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari qurbonlarning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirdi hamda aholidan suv havzalari va darolarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, har qanday holatda o‘z farzandlari va yaqinlarini qarovsiz qoldirmaslikni so‘radi.