TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Toshkent yo‘l qatnov qismiga termoplast yordamida yo‘l yotiq chiziqlarini chizish ishlari amalga oshirildi, deb xabar berdi Toshkent IIBB matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, 2017-yil 28- avgust kunidan boshlab Kichik halqa avtomobil yo‘lining Shota Rustaveli ko‘chasidan Avliyoota ko‘chasigacha bo‘lgan qismida tajriba tariqasida qatnov qismiga termoplast yordamida yo‘l yotiq chiziqlarni chizish ishlari amalga oshirildi.
Yo‘l yotiq chiziqlarini chizish ishlari "Avtomagistral" birlashmasi tomonidan Germaniya davlatida ishlab chiqilgan uskunalar bilan jihozlangan "MAN CLA" rusumli maxsus transport vositasi yordamida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyida Yo‘l belgilari bosqichma-bosqich zamonaviy, yuqori sifatli (nur qaytaruvchi qoplamali) yo‘l belgilariga almashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan edi. IIV va Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan yo‘l belgilarini ishlab chiqarish bo‘yicha "O‘zavtoyo‘lbelgi" davlat unitar korxonasi tashkil etilgan edi.