TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Yaqin istiqbolda Toshkent shahar IIBB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlarining barcha harakatlari ularga qarashli avtomobillarga o‘rnatilgan maxsus videoregistratorlarga yoziladi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlash joziki, yo‘l politsiyachilari xodimlarining registratorlar bilan ta’minlanish amaliyoti Yevropada ancha keng targ‘ib qilinib, ushbu amaliyot o‘zini oqlagan. Misol uchun, Buyuk Britaniyada mobil registratorlar joriy qilingach inspektorlar ustidan shikoyatlar bir yilda 93%ga kamaygan. Ayni vaqtda yo‘l inspektorlarining portativ videoregistratorlar bilan ta’minlanishi loyihalari Rossiya, Belarus va MDHga a’zo qator davlatlarda hayotga tatbiq etilmoqda.
Avtomobilga o‘rnatilgan zamonaviy tizim, shuningdek, o‘g‘irlangan avtomobillarni izlash bilan ham shug‘ullanadi. U yonidan o‘tib ketayotgan barcha transportlarni qayd qilish xususiyatiga ega. Aynan mana shu avtomobil tufayli bir oy davomida 129 million so‘mlik jarima pulini undirishga muvaffaq bo‘lingan.
YHXB ga qarashli boshqa avtomobillar ham shu kabi tizim bilan jihozlanishi uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda videoregistratorlardan foydalanishni kengaytirish yo‘nalishida ham ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada poytaxt militsiyasi Xitoy tajribasini o‘rganayotgani ta’kidlanmoqda.
Yo‘l inspektorlari avtomobillari yaqin kelajakda videoregistratorlar bilan ta’minlanadi va bu bilan mashina tashqarisida va ichki qismida sodir bo‘layotgan voqealarni yozib borish imkoniyati tug‘iladi. Ya’ni yo‘l inspektorlari harakatlari to‘liq videoregistratorlarga qayd etib boriladi.