TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbir davomida, Shahrisabz shahrining "Cho‘lpon" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlarning birida yashirin aroq sexi tashkil etilganligi aniqlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot-xizmati.
"Ya.S. o‘zining noqonuniy harakatiga o‘g‘li va jiyanini ham jalb qilgan. Ularning vazifasi 0,5 litr sig‘imli shisha idishlarga "Shahrisabz" aroq-vino zavodi yorliqlarini yopishtirib, donasini 6800 so‘mdan mijozlarga tarqatish bo‘lgan", — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari Ya.S.ning uyi ko‘zdan kechirilganda, 60 litrli idishda iste’molga yaroqsiz etil spirtini qayta ishlovchi qo‘lbola uskuna, 588 dona "Shahrisabz" arog‘i yorliqlari yopishtirilgan tayyor aroq ichimligi, 52 litr spirt, 400 dona metall qopqoq, 3200 dona aksiz marka, 400 ta sellofan qoplagich, 170 litr qadoqlanmagan aroq, 1920 ta "Shahrisabz" arog‘i yorliqlari yopishtirilgan shisha idishlar, 12 kg. qadoqlashga mo‘ljallangan sellofanlar borligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Holat yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.