TOShKENT, 29 avg — Sputnik. O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Indoneziya va Malayziya sayyohlik bozorlariga chiqish bo‘yicha marketing rejalari ishlab chiqadi. Bu haqda qo‘mita raisi Aziz Abduxakimov Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifai bilan o‘tkazilgan uchrashuvi chog‘ida ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Jahon sayyohlik tashkiloti o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashda ishtirok etadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifaini qabul qildi.
Uchrashuvda turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab sayohatlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish, turizmning yangi turlarini rivojlantirish va xaridorgir turizm mahsulotlari ishlab chiqish, xalqaro andozalarga javob beradigan zamonaviy infratuzilma yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jahon sayyohlik tashkilotiga 1993-yilda a’zo bo‘lgan. 2004-yildan Samarqand shahrida ushbu tashkilotning Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha mintaqaviy ofisi faoliyat yuritmoqda. Hamkorlik natijasida o‘tgan davrda O‘zbekistonning turizm sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jahon turizm bozorida targ‘ib qilishga qaratilgan o‘nlab muhim loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, 2014-yil oktabr oyida O‘zbekistonda tashkilot Ijroiya kengashining sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, unda sayyohlik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va "Buyuk ipak yo‘li" brendini keng ommalashtirish bo‘yicha Bitim imzolandi.