TOShKENT, 27 avg — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar mahkamasi matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, 27-avgust kuni O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo uyg‘onish davrining dunyo tamadduni tarixidagi o‘rni" nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT Butunjahon sayyohlik tashkilotining (UNWTO) Bosh kotibi Taleb Rifai bilan uchrashgan.
O‘zbekiston tashabbusiga ko‘ra UNWTO doirasida mintaqada turizmni rivojlanishini rag‘batlantirgan qator hujjatlar — "Buyuk ipak yo‘lida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida Samarqand deklaratsiyasi" (1995-yil), "Turizm va madaniy merosni saqlab qolish bo‘yicha Xiva deklaratsiyasi" (1999-yil), "Ipak yo‘li bo‘ylab turizm bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasi" (2002-yil) qabul qilingan.
"Uchrashuvda o‘zbek xalqining boy tarixiy, me’moriy, madaniy merosi asosida hamkorlikning mavjud salohiyatlarini bosqichma-bosqich amalga oshirishga ikki tomonda ham qiziqish borligi qayd etildi", — deyiladi xabarda.
Muloqot davomida UNWTO huzurida Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy komissiyani tashkil etish masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa mavzular muhokama qilindi.