TOShKENT, 31-may — Sputnik. Videoqayd kameralari yordamida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarimani ikki oy ichida to‘lamagan haydovchilarning avtotransport vositalari jarima turargohiga yuborildi.
"Bugun jarima turargohida 75 avtomashina mavjud. Transport vositalari evakuatsiyasidan 3840 avtomobil egasi qutulib qoldi. Ular uylari yoniga evakuator yetib kelishi bilan jarimalarni to‘ladi", — deb ma’lum qildi Toshkent shahar IIBB YHXB shtabi boshlig‘i Aziz Sadirov.
Qoidabuzarlarning katta qismi jarimalarni birinchi oyida to‘lab qo‘yishadi. Lekin ayrimlar esa oxirigacha kutib, jarima xatlarini olmaganligi yoki umuman qoidabuzarlik qilmaganligini vaj qilishadi.
"Kuzatuv kameralari ishga tushirilgan birinchi kunida xatoliklar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin bugungi kunda video qayd etish tizimi benuqson ishlamoqda", — deb ta’kidladi Toshkent shahar IIBB YHXB vakili.
Haydovchi avtomobil jarima turargohida 1 sutka turganligi uchun 9000 so‘m to‘lashga majbur.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 15-martdan boshlab Toshkentning 115 ta chorrahasida yo‘l transport xodisalarni maxsus foto va video kuzatuv tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, jami 883 ta kuzatuv videokameralari o‘rnatildi. Birinchi bosqichda ushbu tizimda Yo‘l harakati qoidalarining 2 turdagi buzilishini avtomatik qayd etish funksiyasi mavjud. Bular — avtotransport haydovchilarining belgilangan harakatlanish tezligini oshirishi va sfetoforning taqiqlovchi belgisida o‘tish.
Qoidabuzarlik sodir etgan avtomashina egasiga jarimani to‘lashi uchun 2 oy muhlat beriladi. Agar avtomashina egasi, qonunda belgilangan vaqtda jarimani to‘lamasa, qoidabuzarlikning 61-chi kunida avtomashina IIBB YHXB tomonidan jarima turargohiga yuboriladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.