TOShKENT, 26 avg — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat chog‘ida MDH kun tartibining dolzarb masalalari, Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlarning Davlat rahbarlari kengashi (Sochi shahri), Hukumat rahbarlari kengashi (Toshkent shahri) va Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishlariga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va MDH hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.
Lebedev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlar — "Markaziy Osiyo uyg‘onish davrining dunyo tamadduni tarixidagi o‘rni" nomli konferensiyada hamda "Sharq taronalari" musiqa festivalida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan.