TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sellyuloza va qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi.
Qarorga muvofiq, Yeso Paper Industry MChJ 2017-2019 yillarda "Sellyuloza-qog‘oz kombinati tashkil etish" loyihasini amalga oshiradi.
Loyiha yiliga 16,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyihaning taxminiy qiymati 10,3 mln dollarni tashkil etadi.
Korxona ko‘p yillik (terak va boshqalar) va bir yillik (g‘o‘za, topinambur, sholi va bug‘doy somoni) mahalliy o‘simliklardan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Loyiha tashabbuskoriga Toshkent viloyatida sellyuloza-qog‘oz kombinati qurilishi uchun maydoni 20 gektarni tashkil etuvchi yer uchastkasi ajratiladi.
Bundan tashqari, loyiha tashabbuskoriga daraxt (terak va boshqalar) plantatsiyalari barpo etish asosida xomashyo bazasini mustahkamlashi uchun 900 gektar yer maydoni ajratiladi.
Yeso Paper Industry MChJga mazkur loyihani amalga oshirish doirasida soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi.