TOShKENT, 24-avgust — Sputnik. Mazkur qaror xomashyo bazasini rivojlantirish, uzumning texnik navlarini tayyorlash va qayta ishlash samaradorligini oshirish, oziq-ovqat etil spirti, alkogol, likor-aroq va vinochilik mahsulotlari ishlab chiqarishni va eksportini oshirish, sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb etish maqsadida qabul qilindi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar bermoqda.
"O‘zspirtsanoat" tarkibiga asosan etil spirti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan besh yirik korxona kiradi. Bular "Andijon biokimyo zavodi", "Qo‘qonspirt", "Biokimyo", "Toshkent vino kombinati" va "Bektemir spirt eksperimental zavodi"dir.
Endilikda yangilangan xolding yangi yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan investitsiya siyosati, mahsulot ishlab chiqarish jarayonida sifat ko‘rsatkichiga rioya qilish nazorati, oziq-ovqat etil spirti, alkogol, likor-aroq va vinochilik mahsulotlarining noqonuniy ishlab chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan shug‘ullanadi.
Qayd etish joiz, joriy yilning dastlabki olti oyi davomida "O‘zvinosanoat-xolding" kompaniyasi korxonalari tomonidan 780,7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari (o‘sish 4,1%), 568,7 milliard so‘mlik xalq iste’moli mahsulotlari (o‘sish 4%) ishlab chiqarildi.